Savollar va javoblar
Menda g‘oya bor, uni amalga oshirishda respublikadagi olimlarimizning yordami zarur, shuning uchun qaysi davlat organiga murojaat qilishim kerak?

G‘oyani tayyor ishlanma (texnologiya, mahsulot, foydali model, jarayonni optimallashtirish bo‘yicha qulay yechim va v.h.) ko‘rinishiga keltirish bosqichida maslahat va ko‘mak olish uchun g‘oya tegishli bo‘lgan fan yo‘nalishiga qarab Fanlar akademiyasi (www.academy.uz), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (www.edu.uz), Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (www.agro.uz), Sog‘liqni saqlash vazirligi (www.minzdrav.uz), Xalq ta’limi vazirligi (www.uzedu.uz) hamda ularning tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik muassasalariga murojaat etishingiz mumkin.

Yangi innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq masalalarda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga murojaat qilishingiz hamda www.uzscience.uz veb-sayti orqali tegishli ma’lumotlarni olishingiz mumkin.

Talabgorlar tomonidan topshirilgan malakaviy imtihonlar o‘z kuchini saqlab qoladimi?

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim jarayonida talabgorlar tomonidan malakaviy imtihonlarni topshirganligi haqidagi guvohnom 5 yil muddatgacha amal qiladi.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimida tayyorlangan dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazish masalasi qanday tartibda amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimining sifatini va samaradorligini tubdan oshirish, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etishiga imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida mamlakatimizda umumqabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiyalarni himoya qilishning ikki pog‘onali tizimi joriy qilindi.

Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda falsafa doktori (Ph.D) va fan doktori (D.Sc) dissertatsiya himoyalarini o‘tkazish mumkin.

Dissertatsiya mavzui qaysi muassasa tomonidan tasdiqlanadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Dissertatsiya mavzui ish bajarilayotgan oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiyasi komissiyasi (OAK)da ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Dissertatsiya himoyasisiz fan doktori ilmiy darajasi berilishi mumkinmi?

OAKning tegishli nizomlarida istisno tariqasida tegishli shaxslarga doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmasdan fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi belgilangan bo‘lib, unga muvofiq fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yirik ixtiro muallifiga intellektual mulk agentligi, tegishli vazirlik va idoralar xulosalariga ko‘ra Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida OAK qarori bilan amalga oshiriladi.

Falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasini olgan talabgorlarga ilmiy unvonlar beriladimi?

Falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasini olgan shaxslarga o‘rnatilgan tartibda OAKning “Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi” talablari asosida ilmiy unvon beriladi.

Ixtirolarni amalga oshirish uchun qaysi davlat organiga murojaat qilish kerak va qanday amaliy yordam olish mumkin?

Ixtirolarni huquqiy himoyalash maqsadida patentlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga murojaat etish zarur. Patentlangan ixtirolarni amaliyotga joriy etish uchun tegishli yo‘nalishdagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.

Ixtiro to‘g‘risidagi axborotni tarqatish va uni amaliyotga joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan har yili o‘tkaziladigan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida ishtirok etishingiz mumkin.

Yarmarkaning ekspozitsiya qismi an’anaviy tarzda strategik ustuvorliklarni aks ettiradigan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha taqdim etilgan:

  • sanoat;
  • qishloq xo‘jaligi;
  • sog‘liqni saqlash va farmatsevtika;
  • axborot texnologiyalari;
  • fan va ta’lim.
Ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovlari qaysi muddatlarda e’lon qilinada?

Fundamental tadqiqotlar ilmiy-texnika dasturlari har to‘rt yilda bir marta, amaliy tadqiqotlar dasturlari har uch yilda bir marta, innovatsi dasturlari esa har yili shakllantiriladi. O‘tkaziladigan tanlovlar to‘g‘risidagi axborot har yili iyul oyida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Davlat ilmiy-texnika dasturlari kim tomonidan shakllantiriladi va moliyalashtiriladi?

Davlat ilmiy-texnika dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.

Ilm-fan bilan shug‘ullanadigan yoshlarni xorijda malaka oshirishlari qaysi manba hisobidan moliyalashtiriladi?

Yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy tajriba stajirovkalarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 maydagi 302-son qarori bilan tashkil etilgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.