Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashlar a’zolari bilan uchrashuv


O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligida Idoralararo Ilmiy-texnikaviy va ekspert kengashlari a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi




Joriy yilning 5 oktyabr kuni Fan va texnologiyalar agentligida Idoralararo Ilmiy-texnikaviy va ekspert kengashlari a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Agentlik Bosh direktori Mahmudjon Boltabayev ochib berdi va ma’ruza qildi.

M.Boltabayev o‘z ma’ruzasida 2018 yildan boshlab Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan loyihalarning ilmiy-texnik ekspertizasini xolis, shaffoflik va ochiq-oshkoraviy tarzda o‘tishini tashkil etishga to‘xtalib o‘tdi. Bunda, ekspertlarning mas’uliyatini oshirish orqali avvalgi faoliyatdan farqli ravishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish nazarda tutildi.

Tanlovga qabul qilingan amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ilmiy-texnik loyihalari ekspertizasini samarali tashkil etish orqali kelajakda raqobatbardosh ilmiy ishlanmalar yaratilishi, jahon ilm-fani va texnologiyalarida sifatli mahsulotlar ishlab chiqilib, dunyoda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish asosiy maqsad bo‘lishi lozim – deb ta’kidladi M.Boltabayev.

Davlat ilmiy texnika dasturlarini 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashi a’zolari va kengashlarga biriktirilgan har bir fan yo‘nalishlari ekspertlari O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalar sohasida rivojlanishi uchun xolisona ish olib borishga kelishdilar.

Tadbir yakunida yetuk olim va mutaxassislar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.