ONKKO va “Henan Suda Electric Vehicle Technology Co., Ltd” vakillari bilan uchrashuv


2017 yil 5 oktyabr kuni Fan va texnologiyalar agentligi, “San’at va dizayn sohasida nemis-xitoy madaniy almashinuvi” jamiyati va “Henan Suda Electric Vehicle Technology Co., Ltd” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.



2017 yil 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi (FTA), “San’at va dizayn sohasida nemis-xitoy madaniy almashinuvi” jamiyati (ONKKO) va “Henan Suda Electric Vehicle Technology Co., Ltd” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Yuqori texnologiyalar o‘quv-tajriba markazi (YuTM) hududida o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Bosh direktorning o‘rinbosari O.Tuychiyev boshchiligidagi FTA vakillari hamda YuTM direktori Sh.Mirzaaxmedov ishtirok etdilar. Ikkinchi tomondan esa Bosh direktor Li Fuxo boshchiligidagi “Henan Suda Electric Vehicle Technology Co., Ltd” kompaniyasi vakillari, shuningdek “Moviy konteyner” loyihasi bo‘yicha Bosh kotibi Szyan Go boshchiligidagi “San’at va dizayn sohasida nemis-xitoy madaniy almashinuvi” jamiyati vakillari ishtirok etdilar.

Tashrifning maqsadi: ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Mazkur uchrashuv davomida mehmonlar Markazning fizika, kimyo, biologiya, biokimyo, biofizika, geologiya va geofizika kabi laboratoriyalar faoliyatlari bilan tanishdilar. Mehmonlar Markazning barcha laboratoriyalarining ilmiy-texnikaviy jihozlanishi va O‘zbekistonda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini qayd etdilar. Shuningdek, O.Tuychiyev Agentlikning ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishdagi o‘rni hamda mamlakatda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha bir qator tadbirlar haqida so‘zlab berdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va o‘tkazilgan muzokaralar yakunida barcha yuqorida qayd etilgan tashkilotlarning vakillari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.