Toshkentdagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining vakillari bilan uchrashuv


O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi rahbariyati va Toshkentdagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi




Joriy yilning 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligida Toshkentdagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Eron tomonidan:

  • Baxmin Ogaroziy - Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi;
  • Gulam Reza Kanani - Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi maslahatchisi;
  • Xabibullo Karamatov - Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisining yordamchisi (tarjimon).

O‘zbekiston tomonidan:

  • Maxmudjon Boltabayev - O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori;
  • Odilxuja Parpiyev – O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori birinchi o‘rinbosari;
  • Shavkat Mamatkulov – O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi halqaro ilmiy-texnik aloqalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i;

Kun tartibidagi masala yuzasidan Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro xalqaro ilmiy-texnik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv boshlanishida Agentlik Bosh direktori M. Boltabayev va Elchi janoblari Baxmin Ogaroziy ushrashuv qatnashchilarini qutlab tashrif va takliflar uchun minnatdorchilik bildirdilar. Shundan so‘ng M. Boltabayev Eron Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil gapirib berdi. Agentlik rahbari Eron Islom Respublikasi butun jahon sivilizatsiyasi xazinasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi bilan g‘ururlanishga arziydi deb ta’kidladi. Biz Eron Islom Respublikasida bo‘layotgan iqtisodiy rivojlanishni va eronlik olimlar tomonidan erishilayotgan ilmiy-texnik yutuqlarni yuksak mamnuniyat bilan kuzatib boramiz. Ma’lumki, eronlik olimlar nanotexnologiyalar sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritishgan. Eron davlati kosmik sohada ham erishgan katta yutuqlari tahsinga loyiqdir. Bulardan tashqari, Eron davlati matematika va texnika sohalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib, Eron matematiklari jamoasi har yili o‘tkaziladigan Halqaro olimpiadalarda eng kuchli 20 ta davlat soniga kiradi.

Aminmizki, sizning tashrifingiz xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni hamda O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom davlati olimlari o‘rtasida ilmiy-texnik aloqalarni rivojlantirishda muhim voqea bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, hozirgi kunda fan, ta’lim va innovatsion faoliyatinining rivoji juda katta ahamiyatga egadir. Xususan, ularning rivoji nafaqat bir yo‘nalishni, balki butun iqtisodiyotni yuqori cho‘qilarga ko‘tarishga imkoniyat yaratadi. O‘zbekistonlik olimlar kimyo, fizika, gen muhandicligi, biotexnologiyalar, hujayra texnologiyalari va yangi materiallar yaratish yo‘nalishlarida chet ellik hamkorlar bilan keng tadqiqotlar olib borishmoqda.

O‘zbekistonda har yili Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasini o‘tkazib kelinadi. Agentlik navbatdagi XI Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasini 2018 yilning may oyida o‘tkazishni rejelashtiryapti. Bunda tashqari, Yarmarka doirasida Toshkent Xalqaro Innovatsiya Forumi ham o‘tkazilib, unda ko‘plab davlatlarning sohaga tegishli vakillari ishtirok etishadi. Yarmarka va Forum ishtirokchilari va xorijiy mehmonlar nafaqat O‘zbekistonning ishlanmalari, balki bir vaqtning o‘zida fan, texnologiya va innovatsiya sohasida amalga oshirilayotgan, xalqaro sohadagi munosabatlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Forumning yana bir asosiy vazifalaridan biri innovatsiyalarni rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish, dunyoda milliy innovatsiya tizimlarini rivojlanishining tendensiyalarini, innovatsiya faoliyatining rivojlanish holati, muammolari va istiqbollarini tahlil qilish, milliy innovatsiya tizimini shakllantirishda turli omillarning o‘rnini aniqlash, innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash va boshqa sohalarni muhokama qilishdan iboratdir.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bir necha yillardan beri qo‘shma ilmiy-texnikaviy loyihalar tanlovlarini o‘tkazib kelmoqda. Xususan, Fan va texnologiyalar agentligi AQSh, Germaniya, Rossiya Federativ Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkmaniston, Koreya davlatlari bilan qo‘shma ilmiy-texnikaviy loyihalar tanlovini o‘tkazib, tanlovlar tadqiqotchilarga hamkorlikda ish olib borish, tajriba almashinuv va chet el jurnallarida hamkorlikda maqolalar chop etishga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Fursatdan foydalanib Siz elchi janoblarini va eronlik olimlar va mutaxassislarni ushbu Yarmarka va innovatsion forumda qatnashishga taklif qilamiz. Yarmarka doirasida ilmiy-texnik hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olamiz”.

Eron elchisi Baxmin Ogaroziy qabul uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlarga muvaffaqiyatlar tiladi. Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, gen muhandisligi, meditsina sohasida rak, OITS, gepatitga qarshi dorilar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini gapirib o‘tdilar. Eron Islom Respublikasi rahbarlari O‘zbekiston bilan har qanday sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanligi aytildi. Shu munosabat bilan, Elchi M. Boltabayevni 2018 yil bahor faslida, Navro‘z bayramigacha Eronga taklif qildi. Safar davomida Eron Islom Respublikasining yuqori lavozimdagi rahbarlari bilan uchrashib, ilmiy hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolanishi imkoniyati borligi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv oxirida tomonlar bir-biriga ramziy sovg‘alar ulashdi esdalik uchun rasmga tushildi.