Xalqaro press klubda “O‘zbekiston fani: islohotlarning yangi davri” mavzusida ko‘rsatuv bo‘lib o‘tdi

Xalqaro press klubda O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar muhokama qilindi


Joriy yilning 9 noyabr kuni Xalqaro press klubda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi, Fanlar akademiyasi, Intellektual mulk agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarlari va mutasaddi vakillari, shuningdek, olimlar, akademiklar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirokida “O‘zbekiston fani: islohotlarning yangi davri” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rsatuvda Fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktori Mahmudjon Boltabayev, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Ibroxim Abduraxmanov hamda Intelektual mulk agentligi Bosh direktori Alisher Fayzullayev spikerlar sifatida ishtirok etishdi.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etishga fan sohasini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilgan.

Sir emaski, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnika, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatimizning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermaydi. Vatanimiz ilm-fani raqobatbardoshligini oshirish va uni dunyoning eng rivojlangan davlatlari ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari keskinligini saqlab qolmoqda. Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar o‘z yechimini kutmoqda.

Ushbu sohada to‘planib qolingan muammolarni hal qilish, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika va laboratoriya-tajriba bazasini mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida 2017 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Fanlar akademiyasi tarkibidagi 9 ta ilmiy-tadqiqot instituti qayta tiklandi, qator ilmiy muassasalar qayta tuzildi, Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta bo‘limi va Navoiy bo‘limi tashkil etildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati tashkil etildi.

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida, mamlakat ilmiy salohiyatini raqobatbardoshligini oshirish, ilmiy infratuzilmaning moddiy-texnika, laboratoriya va tajriba bazasini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kuni kecha «Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qabul qilingan yana bir qarori respublikada ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirishda keng ko‘lamdagi amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlarni poydevori yanada mustahkamlanayotganligini ko‘rsatadi.

Qaror bilan fan va innovatsiya sohasida 6 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 40 dan ziyod tadbirlarni o‘z ichiga olgan 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Umumiy qiymatda, 2018-2021 yillarda Fanlar akademiyasi hamda boshqa vazirlik va idoralarga ilmiy-tadqiqot muassasalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 116 mlrd. so‘mdan ziyod, zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash uchun 32,2 mln. AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Innovatsion faoliyatni yanada kengaytirish, olimlar va ixtirochilarning intellektual mehnatlari samarasidan foydalanish va rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida litsenzion kelishuvlar bo‘yicha ilmiy va innovatsion ishlanmalarning tijoratlashuv jarayonlarini faollashtirish, innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy asoslari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining patent-litsenzion faoliyatini takomillashtirish, intellektual mulk ob’ektlariga mualliflik qilishning ta’sirchan tizimini yaratish choralari belgilangan.

Anjuman davomida spikerlardan tashqari Fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Odilxo‘ja Parpiyev, Bosh direktor o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev, Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Baxtiyor Ibragimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, Bioorganik kimyo instituti direktori Shavkat Salihov, O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Olimjon Xalmuxammedovlar jurnalistlarning savollariga javob berdilar.

Tadbir so‘nggida Xalqaro press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, spikerlar va ishtirokchilarga minnatdorchilik izhor qildi.