X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi yakunlari

X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi yakunlari to‘g‘risida ma’lumot

Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar X Respublika yarmarkasi 2017 yil 10-12 may kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar kompleksida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yarmarkada sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari, fan va ta’lim shuningdek, “Joriy qilingan innovatsion ishlanmalar” yo‘nalishidagi 506 ta innovatsion g‘oya va loyihalar taqdim etildi.

Yarmarkaning yakuni bo‘yicha oliy ta’lim va ilmiy muassasalarning innovatsion ishlanmalar iste’molchilari o‘rtasida umumiy qiymati 33,3 mlrd. so‘mga yaqin bo‘lgan 457 ta shartnomalar imzolandi. Shundan, sanoat sohasi bo‘yicha 15,2 mlrd. so‘mlik 182 ta, qishloq ho‘jaligi sohasi bo‘yicha 10,6 mlrd so‘mlik 216 ta, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi bo‘yicha 6,9 mlrd. so‘mlik 36 ta, fan va ta’lim sohasi bo‘yicha 236,5 mln so‘mlik 11 ta, axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha 351,7 mln so‘mlik 12 ta shartnomalar imzolandi.

Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsiya forumi o‘tkazildi. Bu yilgi Forum asosan O‘zbekiston-Germaniya davlatlarining innovatsiyalar sohasidagi hamkorliklari istiqbollariga bag‘ishlandi, shu maqsadda Forum doirasida «O‘zbek – Nemis innovatsion muloqoti – bilimlarga asoslangan jamiyat qurish kelajagi» deb nomlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Forum tavsiyalari muhokama qilinib qabul qilindi.

Tadbirga 650 ga yaqin korxona va tashkilotlardan 15000 dan ziyod tadbirkorlar, fermerlar, tashkilot va korxonalar rahbarlari, mas’ul xodimlari, mutaxassislar tashrif buyurishdi.

Umuman Yarmarka yuqori saviyada, muvaffaqiyatli o‘tdi, ishtirokchilarda ham, yarmarka mehmonlarida ham ijobiy taassurot qoldirdi.

Yopilish marosimida yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar aniqlandi. 8 nominatsiya bo‘yicha ishlanmalar mualliflarining har biri Vazirlar Mahkamasining Fahriy yorliqlari, 3 mln. so‘m miqdoridagi pul mukofoti va bir yillik bepul Internetdan foydalanish huquqini beruvchi sertifikat bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi hamda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “Yoshlarning eng yaxshi innovatsion takliflari” tanlovi g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirildi, Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti (VOIS)ning “Eng yaxshi ixtiro” medali va “Intellektual mulk sohasida faoliyat yuritayotgan eng yaxshi korxona” mukofoti g‘oliblarga taqdim etildi.