Информация о докторских темах

2017 yil katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutlariga 1-bosqichga tanlovlar asosida qabul qilinadigan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning bo‘lg‘usi doktorlik dissertatsiyalari mavzulari, ularning davlat ilmiy-texnika dasturlariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan ekspertiza natijalari to‘g‘risida ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq fan doktorlari va talabgorlar tomonidan jami 2834 ta doktorlik dissertatsiyasi mavzusi tushgan bo‘lib, shundan 1700 tasi fan doktorlari va 1134 tasi talabgorlar tomonidan tavsiya etilgan.

Tanlovga taqdim etilgan doktorlik dissertatsiyalari mavzularini ekspertizadan o‘tkazish uchun Qo‘mita huzurida Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengash a’zolari, Fanlar akademiyasi, tegishli vazirliklar, real iqtisodiyot tarmoqlarining yirik mutaxassis-olimlaridan iborat 20 ta fan tarmog‘i yo‘nalishida 270 ta ekspertlar jalb qilingan.

Ekspertlar tomonidan mavzular tanqidiy ravishda ko‘rib chiqildi, “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari”ga asosan fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya mavzularidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy va dolzarb ilmiy-amaliy muammolar hal etilishi yoki ilm-fan tegishli tarmog‘ining istiqbolli yo‘nalishini rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan yangi nazariy qoidalar kompleksini yoki joriy etilishi ilm-fan, texnikaning, ijtimoiy-siyosiy sohaning yoki iqtisodiyot tarmog‘ining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan yechimlar ishlab chiqishga mo‘ljallanganlari saralab olindi.

Natijada jami 1637 ta mavzu (980 tasi fan doktorlari tomonidan 657 tasi talabgorlar tomonidan) 2017 yilga birinchi bosqichga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutiga qabul qilinadigan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning bo‘lg‘usi doktorlik dissertatsiyalari mavzularining ma’lumotlar bazasiga tavsiya etildi va Qo‘mitaning internet sahifasida e’lon qilindi.