O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 17 fevraldagi PQ–2789-son qarori va
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida»gi 2017 yil 19 maydagi 302-son qaroriga muvofiq
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tashkil etildi


Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari

Vazifalari:

  • mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalarini va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini inobatga olgan holda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish tadbirlarini amalga oshirish;
  • davlat ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirish, amalga oshirish va ular ijrosining hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalanishning tizimli monitoringini olib borish;
  • muhim tarmoqlararo ilmiy-texnik dasturlar ijrosini ta’minlash;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarishi bo‘yicha ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatishda davlat topshiriqlarini shakllantirish;
  • har yilgi Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazilishini tashkil etish hamda uning doirasida imzolangan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borish;
  • fan va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalar bajarilishini tashkil etish;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash faoliyatini rejalashtirish va muvofiqlashtirish.

Funksiyalari:

а) mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalarini va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini inobatga olgan holda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish tadbirlarini amalga oshirish borasida:

  • mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalarini va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini inobatga olgan holda fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
  • jamiyat va davlatning taraqqiyotini ta’minlaydigan ilmiy tadqiqotlar va ilg‘or texnologiyalarning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish strategiyasini aniqlash bo‘yicha Davlat komissiyasiga takliflar kiritadi;
  • ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-innovatsion faoliyatni moliyalashtirish mexanizmlari samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
  • ilmiy-texnik salohiyatni oqilona joylashtirishga va undan samarali foydalanishga, fan va texnologiyalarning davlat iqtisodiyotini rivojlantirishga ulushini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan fanni yanada rivojlantirish sohasida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dasturlar amalga oshirilishini ta’minlaydi;
  • ilmiy-texnik, innovatsion faoliyat va intellektual mulk ob’ektlarini himoya qilish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishida qatnashadi;

b) davlat ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirish, amalga oshirish va ular ijrosining hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalanishning tizimli monitoringini olib borish borasida:

  • ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishga Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan davlat topshiriqlari asosida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnik dasturlari loyihalarini shakllantiradi;
  • fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirishga ilmiy-tadqiqot, ta’lim muassasalari va respublikaning boshqa muassasalari bilan shartnomalar tuzadi;
  • davlat ilmiy-texnika dasturlari amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib boradi;
  • davlat ilmiy-texnik dasturlari monitoringi natijalarini tahlil qilish asosida Davlat komissiyasiga bo‘shab qolgan mablag‘larni eng natijali va dolzarb ilmiy-texnik loyihalarga qayta yo‘naltirilgan holda samarasiz, dolzarbligini yo‘qotgan ilmiy-texnik loyihalarning davlat ilmiy-texnika dasturlaridan chiqarish bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • intellektual mulk ob’ektlari va ilmiy ishlanmalar natijalaridan foydalanish va ularni tijoratlashtirish mexanizmlari samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

v) muhim tarmoqlararo ilmiy-texnik dasturlar ijrosini ta’minlash borasida:

  • ilmiy-texnik faoliyat sohasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • fan sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida akademik va tarmoq fanining oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyasi va o‘zaro hamkorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi;
  • texnologiyalar transferi uchun fan, ta’lim va ishlab chiqarish sektorining integratsiyasiga ko‘maklashuvchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

g) iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarishi bo‘yicha ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatishda davlat topshiriqlarini shakllantirish borasida:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlarning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot, konstruktorlik-texnologik va innovatsion ishlanmalarga Davlat buyurtmasi loyihasini shakllantiradi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlarning takliflarini tahlil qilish va ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etish uchun idoralararo ilmiy-texnik kengashlar tashkil etadi;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarish yuzasidan ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatishga davlat topshiriqlarini tasdiqlash bo‘yicha Davlat komissiyasiga asoslangan takliflar kiritadi;

d) har yilgi Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazilishini tashkil etish hamda uning doirasida imzolangan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borish borasida:

  • Fanlar akademiyasi, idoraviy mansub oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga, ilmiy va innovatsion markazlarga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarning, alohida olimlar va ixtirochilarning Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida ishtirok etish uchun takliflarini tanlaydi
  • Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida ishtirok etish uchun tavsiya etilgan innovatsion ishlanmalar va loyihalarning mintaqaviy va tarmoq taqdimotlarini tashkil etadi;
  • har yilgi Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish tadbirlarini amalga oshiradi;
  • davlat ilmiy-texnik dasturlari natijalarini joriy etish, shuningdek ularning transferi va tijoratlashuvi tadbirlarini amalga oshiradi;
  • Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalari doirasida tuzilgan shartnomalar bajarilishining tizimli monitoringini olib boradi;
  • Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalari doirasida tuzilgan shartnomalar bajarilishi monitoringi yakunlari to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek mahalliy ilmiy ishlanmalar natijalarining raqobatbardoshligini oshirish va ulardan iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlari yo‘lida foydalanishni jadallashtirish bo‘yicha takliflarni Davlat komissiyasiga kiritadi;

е) fan va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalar bajarilishini tashkil etish borasida:

  • qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borishga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish maqsadida xorijiy mamlakatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy jamg‘armalar vakillari bilan muzokaralar olib boradi;
  • xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy-texnik loyihalarni va innovatsion ishlanmalarni bajarish uchun xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi;

j) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash faoliyatini rejalashtirish va muvofiqlashtirish borasida:

  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga o‘qishga qabul qilishning har yilgi rejasini tuzadi va tasdiqlaydi;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sohasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan monitoring olib boradi va tadbirlarni amalga oshiradi.